O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
ODAMNING IMMUNITET TANQISLIGI VIRUSI KELTIRIB ChIQARADIGAN KASALLIK (OIV INFEKSIYaSI) TARQALIShIGA QARShI KURAShISh TO‘G‘RISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2013 yil 7 iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2013 yil 22 avgustda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik
Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 21 apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021 y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV) — odamning surunkali yuqumli immunitet tanqisligi kasalligini qo‘zg‘atuvchi;
OIV infeksiyasi — odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan surunkali yuqumli immunitet tanqisligi kasalligi;
OIVni yuqtirib olganlar — odamning immunitet tanqisligi virusini yuqtirib olgan shaxslar;
orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS) — odamning immunitet tanqisligi virusi odamning immun tizimini shikastlashi natijasida kasallik belgilari kelib chiqadigan OIV infeksiyasining so‘nggi bosqichi.
2-bob. OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasining davlat tomonidan tartibga solinishi
4-modda. OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari
OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha yagona tizimning faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash;
OIV infeksiyasi profilaktikasi, OIV infeksiyasiga tashxis qo‘yish, OIVni yuqtirib olganlarni bepul maxsus davolash va ijtimoiy muhofaza qilish;
LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur Qonunning 3-bobi («OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga doir chora-tadbirlar. OIVni yuqtirib olganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish»)va O‘zbekiston Respublikasi «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi Qonunining 29—35-moddalari.
OIV infeksiyasiga tashxis qo‘yish va uni davolash vositalari bilan ta’minlash, shuningdek tashxis qo‘yish, davolash va ilmiy maqsadlarda foydalaniladigan tibbiy preparatlarning, biologik suyuqliklarning xavfsiz bo‘lishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
OIV infeksiyasi tarqalishi ustidan epidemiologik nazoratni amalga oshirish;
OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlari to‘g‘risida aholini muntazam ravishda xabardor qilib borish;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi Qonunining 15-moddasi.
OIV mavjudligi yoxud mavjud emasligini aniqlash maqsadida aholini bepul, xavfsiz va maxfiy tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish uchun sharoitlar yaratish;
LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur Qonunning 13—16-moddalari.
OIVni yuqtirib olganlarning umrini uzaytirish va turmushi sifatini oshirishga, ularning o‘limini kamaytirishga doir tadbirlarni amalga oshirish;
OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.
5-modda. OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasida davlat boshqaruvi
OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasida davlat boshqaruvini quyidagilar amalga oshiradi:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi;
mahalliy davlat hokimiyati organlari.
Oldingi tahrirga qarang.
OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni qonunchilikka muvofiq boshqa davlat organlari ham amalga oshirishi mumkin.
(5-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 21 apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021 y., 03/21/683/0375-son)
6-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlari ishlab chiqilishi, tasdiqlanishi va amalga oshirilishini ta’minlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarining bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibini belgilaydi;
(6-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 21 apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021 y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Respublika epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasining faoliyatini ta’minlaydi.
(6-moddaning birinchi qismi to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 10 maydagi O‘RQ-536-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.05.2019 y., 03/19/536/3114-son)
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 26 dekabrdagi PQ-1023-sonli qarori bilan tasdiqlangan «OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash tadbirlarini muvofiqlashtirish Respublika komissiyasi to‘g‘risidagi»gi nizom.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(6-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 21 apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021 y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi (yangi tahriri) Qonuni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi Qonunining 4-moddasi.
7-modda. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi davolash-profilaktika muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularning o‘zaro aloqalarini ta’minlaydi;
OIV infeksiyasi tarqalishi ustidan epidemiologik nazoratni amalga oshiradi;
OIVni yuqtirib olganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibini belgilaydi;
davolash-profilaktika muassasalari faoliyatiga OIV infeksiyasi profilaktikasiga doir zamonaviy chora-tadbirlar, OIVni yuqtirib olganlarga tashxis qo‘yish, ularni davolash hamda parvarishlash usullari joriy etilishini ta’minlaydi;
OIV infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyatni hamda OIV infeksiyasiga tashxis qo‘yish va uni davolash borasida qo‘llanilayotgan usullar samaradorligini baholashga doir tadqiqotlarni tashkil etadi;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika OITSga qarshi kurashish markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining OITSga qarshi kurashish markazi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalarining va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining OITSga qarshi kurashish markazlari, shuningdek tumanlararo OIV infeksiyasiga tashxis qo‘yish laboratoriyalari zamonaviy davolash-tashxis qo‘yish asbob-uskunalari bilan jihozlanishini ta’minlaydi;
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 5 yanvardagi 1-sonli «Oitsga qarshi kurash markazlarining tashkiliy tuzilmasini va faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori.
OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi tibbiyot xodimlarini va boshqa xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlashni hamda ularning malakasi oshirilishini ta’minlaydi.